O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
TASHQI ISHLAR VAZIRLIGI

INTERAKTIV KONSULLIK
XIZMATLARI

Interaktiv konsullik xizmatlari elektron tizimi orqali
NIKOHNI QAYD ETISH UCHUN ARIZA BERISH TARTIBI

            Horijda doimiy yoki vaqtincha yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining fuqarolik holati dalolatnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasining horijdagi diplomatik vakolatxonalarida O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq amalga oshiriladi.

        Nikoh to‘g‘risidagi guvohnoma - bu nikohga kirgan shaxslarning er-xotinligini tasdiqlovchi va o‘zaro huquq va majburiyatlarning paydo bo‘lishini ifodalovchi hujjat.

        O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 14 va 15-moddalariga muvofiq, nikohlanuvchilarning o‘zaro roziliklari va ularning nikoh yoshiga yetganliklari nikoh tuzishning asosiy shartlari hisoblanadi.

        1. Nikohni qayd etish guvohnomasini olish uchun elektron ariza to‘ldiriladi.

        2. Elektron arizani to‘ldirish jarayonida quyidagi hujjatlarning skanerlangan nusxalari yuklanishi lozim:
            - nikohlanuvchilar pasportlari nusxalari;
            - nikohlanuvchilarning nikohda turmasliklarini tasdiqlovchi ma'lumotnoma;
            - nikohlanuvchilarning tibbiy ko‘rikdan o‘tganligi to‘g‘risidagi ma'lumotnomalar.
             Tibbiy ma‘lumotnomada berilgan sana va tibbiyot muassasasining muhri bo‘lishi kerak.

        3. Elektron ariza to‘ldirib kerakli hujjatlarni yuklangandan so‘ng "qo‘shish" tugmasini bosishingiz kerak va ekranga chiqqan arizani saqlab qo‘yishingiz yoki bosmalab olishingiz lozim.

        4. 3 kun ichida ariza beruvchi konsullik yig‘imlarini to‘lash zarurligi to‘g‘risida xabarnoma oladi va to‘lov amalga oshirilgandan so‘ng - hujjatlarni ko‘rib chiqishga qabul qilinganligi to‘g‘risida xabarnoma oladi.

        5. Agar taqdim etilgan hujjatlar belgilangan talablarga javob bermasa, ariza beruvchi 3 kun ichida yetishmayotgan hujjatlarni qayta yo‘naltirish zarurligi to‘g‘risida xabarnoma yoki boshqa ko’rsatmali xabarnoma oladi.

        6. Hujjatlar ko‘rib chiqilgandan so‘ng va hujjatlar topshirilganiga bir oy bo‘lgach, ariza beruvchi elektron shaklda yuborilgan hujjatlarning asl nusxasini taqdim etish, dalolatnoma yozuvlariga imzo qo‘yish va nikoh to‘g‘risidagi guvohnomaning asl nusxasini olish uchun konsullik idorasida qabulga yozilish zarurligi to‘g‘risida xabar oladi.